Rektorning yangi yil tabrigi

Aziz professor-o‘qituvchilar, talabalar, universitetimiz jamoasi!
Mana shu unutilmas, shukuhli damlarda sizlarni va siz orqali oila a’zolaringizni qutlug‘ qadamlar bilan yurtimizga kirib kelayotgan yangi yil bilan chin qalbimdan tabriklab, samimiy tilaklarimni izhor etishni o‘zim uchun katta baxt, deb hisoblayman.
Bugungi kunda oldimizda turgan buyuk maqsadlarimizga erishish, hayotimizni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida mamlakatimiz qo‘yayotgan amaliy qadamlar, O‘zbekistonimizning xalqaro maydonda obro‘-e’tibori yuksalib borayotgani barchamizga yaxshi ma’lum.
Shu ma’noda, o‘tgan 2017 yilda bizning universitetimizda ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jamoamiz pedagoglarining ilmiy salohiyatini oshirishda qilinayotgan sa’y-harakatlar natijasida 28 nafar professor-o‘qituvchilarimizning doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilganligi,ko‘plab yangi laboratoriyalarning ochilishi, qator nufuzli chet el oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatilganliginita’kidlashimiz lozim.
Shu bilan birga, hammamiz yaxshi tushunamizki, faqatgina jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk, zamonaviy bilimga, o‘z fikr va qarashlariga ega bo‘lgan, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan yangi avlodimizni kamol toptirish – hukumatimiz ko‘zlagan obod va farovon hayot barpo etishning asosiy garovi va aytish mumkinki, hal qiluvchi sharti bo‘lib maydonga chiqmoqda.
Kirib kelayotgan yangi 2018 yil yurtimizda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinganini xalqimiz katta mamnuniyat bilan kutib olgani va keng qo‘llab-quvvatlayotgani, bu qaror el-yurtimizning olijanob orzu-intilishlariga naqadar hamohang ekanidan dalolat beradi. Va o‘z navbatida universitetimiz jamoasi oldiga ham yanada ulkan vazifalarni qo‘yadi.

Azizlar!

Yangi yilda barchamizning Yaratganimizdan ezgu orzu-maqsadlarimizning ro‘yobga chiqishini, xonadonlarimizning qut-barakasi, fayzini berishini chin qalbimizdan so‘raymiz. Kirib kelayotgan yangi yilimiz yurtimizga, barcha-barcha oilalarga baxtu saodat va omad keltirsin! Vatanimiz tinch, xalqimiz omon, osmonimiz musaffo bo‘lsin! Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!