TATUga Xolon texnologiya instituti vakillarining tashrifi

2017 yil 4 oktyabr kuni Xolon Texnologiya Instituti rektori Eduard Yakubov boshchiligidagi delegatsiya TATU ga tashrif buyurdi.

Delegatsiya vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor F.Agzamov va Xalqaro aloqalar bo‘lim boshlig‘i J.Abdujalilov, Teleradioeshittirish kafedrasi katta o‘qituvchisi Alisher Shaxobiddinovlar ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilda Eduard Yakubov bilan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Memorandum imzolashga kelishib olingan edi. Ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari aniqlanib, 2017 yil 19 iyul kuni Memorandum imzolangan. Uchrashuvda mehmonlarga TATU o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor Fayzulla Saydakbarovich tomonidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalar universitetida olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi hamda universitetlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yo‘nalishlari to‘g‘risida o‘z takliflarini bildirib o‘tdi.

Janob Eduard Yakubov tomonidan TATU rahbariyatiga tashrif va uchrashuv tashkil etilganligi uchun minnatdorchilik bildirib, ushbu tashrif birinchi marta emasligini, Xolon Texnologiya Instituti vakillari 2014 yilda TATUga tashrif buyurganligini ta’kidlab o‘tdi. Mehmonlar tomonidan Xolon texnologiya institutida mavjud fakultetlar va ilmiy laboratoriyalar, turli xil startap loyihalar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.

Uchrashuv davomida, ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida TATU professor-o‘qituvchilari uchun onlayn o‘quv kurslarini tashkil etish bilan boshlang‘ich qadam qo‘yish va kelajakda professor-o‘qituvchilarni almashinuvini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Shuningdek, Robototexnika, Telemeditsina, Katta hajmdagi ma’lumotlar bazasiga oid fanlar bo‘yicha kurs materiallarini almashish bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib olindi.