TATU dunyo OTMlarining TOP – 1000 taligiga kirish uchun harakatda

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev mamlakatimizda AKT sohasini rivojlantirish maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universitetini yanada takomillashtirish bo‘yicha qaror imzolab, universitetimizga ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiy nomini berdi.

Albatta, TATU buyuk alloma nomiga munosib bo‘lishi kerak. Hukumatimiz ishonchini oqlash hamda O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirish strategiyasi doirasida 30 avgust kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «Unitel» MChJ o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha Memorandum imzolandi.

Ushbu memorandum axborot texnologiyalari sohasida ta’lim darajasini oshirish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishga qo‘yilgan qadamlardan biri hisoblanadi. Buning uchun AKT vazirligi va universitet tomonidan, o‘zlarining ichki imkoniyatlaridan tashqari, jahonning mashhur transmilliy telekommunikatsiya kompaniyalari jalb qilinmoqda.

Memorandum doirasida universitetda O‘zbekistonda AKT sohasi uchun mutaxassislar tayyorlashni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish maqsad qilishgan. Bunda TATU Markaziy Osiyayodagi eng yaxshi ixtisoslashgan OTMga aylantirish imkoniga ega bo‘ladi. Bosh maqsad esa – Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini 2021 yilga borib dunyoning eng yaxshi oliy ta’lim muassasalari TOP-1000 taligiga kiritishdan iborat. Biroq buning uchun ulkan va mashaqqatli vazifalarni bajarish lozim.

Bu borada TATUda ta’limiy dasturlarni aktuallashtirish va ularni jadal rivojlanib borayotgan soha talablariga moslashtirish maqsadida talabalarni o‘qitishda dunyoning yetakchi mutaxassislarini jalb qilish rejalashtirilgan.