Talabalik muborak, aziz yoshlar!

2 sentyabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26 yilligi hamda 2017-2018-o‘quv yilida talabalikka qabul qilingan talabalarni tabriklash maqsadida tantanali tadbir tashkil etildi. Tadbirda universitet rahbariyati, 1-kurs talabalari va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.

Hammamizga yaxshi ma’lumki, mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun yosh avlodni Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘sha oladigan yetuk mutaxassis etib tarbiyalash masalasi davlatimiz siyosatini ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Amaliyotga tadbiq etilayotgan yangi g‘oyalar, muhim takliflar va ilg‘or tashabbuslarni ahamiyati beqiyos. Barkamol avlodni ma’naviy kamol toptirish, mustaqil fikrlaydigan, o‘zini qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlariga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash, ularni huquqiy va siyosiy madaniyatini oshirish, yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi qator yo‘nalishlarda faollik ko‘rsatib kelinmoqda. Albatta, bu kabi ishlarni samarali olib borishda ko‘p sonli jonkuyar va fidoiy yoshlarimizning o‘rni beqiyos.

Bugun 1-kursga o‘qishga kirgan yoshlarimiz keyinchalik jamiyatimizning turli sohalarida faoliyat yuritib, vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida o‘z hissalarini qo‘shadilar, deb umid qilamiz.

Tadbirda universitet rektori T.Teshabayev, ko‘p yillardan beri samarali faoliyat yuritib kelayotgan professor Q.Abduraxmonov, iqtidorli talaba A.Zoxidov hamda 1-kursga qabul qilingan talabalar: J.Botirov, S.Umarov va A.Tashmurodovlar so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26 yilligi va yangi o‘quv yilini boshlanishi bilan tabrikladilar. Tantanali tadbirdan so‘ng yetakchi professor-o‘qituvchilar boshchiligida “Mustaqillik va Xotira darslari” o‘tkazildi.

Fursatdan foydalanib, 1-kursga o‘qishga qabul qilingan talabalarni yoshlarimizni erishgan yutuqlari bilan samimiy qutlaymiz va ularning kelgusidagi o‘qishlarida zafarlar tilab qolamiz!