“Ogohlik – davr talabi!”

8 fevral kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida profilaktika tadbirlari doirasida “Ogohlik – davr talabi” shiori ostida “Diniy ekstremizm, terrorizm va uning salbiy oqibatlari” mavzusida uchrashuv-suhbat o‘tkazildi. Suhbatda Toshkent shahar Olmazor tumani Ichki ishlar boshqarmasi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘limi katta tezkor vakili mayor A.X.Shukurov va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘limi katta tezkor vakili kapitan E.A.Yusupovlar, MATI prorektori X.Umarov, 17 nafar fakultetlar dekan muovinlari va guruh murabbiylari, 365 nafar talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Mayor A.X.Shukurov tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad haqida gapirib o‘tdi: Dunyoning turli davlatlarida millatlararo, etnik va diniy asosdagi qarama-qarshiliklar, ichki va mintaqaviy mojarolarning avj olayotgani kuzatilayotgan davrda, ularni bartaraf etish uchun ma’naviy yuksaklik va diniy bag‘rikenglik qadimdan qaror topgan O‘zbekistonning ibratli tajribasini muvaffaqiyat bilan qo‘llash mumkin. Bu turli dinga mansub xalqlarning ko‘p millatli davlat sharoitida tinchlik va totuvlikda yashay olishi tajribasidir. Qadimdan bu yerda islom, xristianlik, yahudiylik, buddaviylik va boshqa dinlar vakillari totuvlikda hayot kechirgan, diniy nizo, odamlarni millati va diniy mansubligiga qarab ayirish hollari bo‘lmagan. Mustaqillik yillarida ham ushbu ezgu tarixiy an’ana davom etmoqda. Shu bilan birga, diniy bag‘rikenglik va hamjihatlik – tinchlikning garovi ekanini inobatga olib, O‘zbekistonda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga, barcha fuqarolarga o‘z e’tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga, dinlar va millatlararo hamjihatlikniyanada mustahkamlashga, ular o‘rtasidagi qadimiy mushtarak an’analarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada amalga oshirilgan ishlar, qabul qilingan qonunlar va ularning ijrosi, o‘tkazilgan tadbir va anjumanlar, ularda bildirilgan fikrlarni o‘rganish alohida e’tiborga molikdir. Ming afsuski, ana shunday tinchligimizni ko‘ra olmayotgan ayrim kuchlar bizning Vatandoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan chiqarib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanmoqdalar. Bugungi tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad ham yoshlarimizni ogohlikka chaqirish, ularning birinchi galdagi vazifasi faqat ilm olish, Vatani ravnaqini rivojlantirish yo‘lida o‘zining munosib hissasini qo‘sha oladigan yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini ayamasliklarini targ‘ib qilishdan iborat ekanligi ta’kidlab o‘tildi.