“Yilning eng yaxshi darsligi va o’quv adabiyoti muallifi” tanlovi yakuniga yetdi

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 5 yanvardagi “Uzluksiz ta’lim tizimini darsliklar va o’quv adabiyotlari bilan ta’minlashni takomillashtirish to’g’risida”gi 4-sonli qaroriga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari va O’zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish “Iste’dod” jamg’armasining ta’sischiligida “Yilning eng yaxshi darsligi va o’quv adabiyoti muallifi” tanlovi tashkillashtirilib va o’tkazilib kelinmoqda. Tanlov g’oyasining bosh asoschisi O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti, uzluksiz ta’lim tizimining o’zbekcha modeli asoschisi Islom Abdug’aniyevich Karimovning ulug’ nomi bilan chambarchas bog’liqdir. Bizga meros qilib qoldirilgan an’anaviy tanlovni davom ettirish maqsadida qator vazifalar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, 2016 yilda tanlov Nizomida belgilangan 11 ta nominasiyadan 10 ta nominasiya bo’yicha 180 dan ortiq darslik va o’quv qo’llanmalar taqdim etilgan bo’lib, ta’sischilarning qo’shma qaroriga asosan 62 ta o’quv adabiyotlari I, II, III-o’rinlarga sazovor bo’ldi, 16 ta o’quv adabiyotlari va ularning mualliflari rag’batlantirishga tavsiya etildi. Ushbu g’olib deb topilgan o’quv qo’llanmalar ichida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining professor-o’qituvchilari: Sh.Nazirov, F.Nuraliyev, B.To’rayev lar muallifligida taqdim etilgan “Kompyuter grafikasi va dizayn” elektron o’quv qo’llanmasining ham borligi quvonarli holdir.

Biz mualliflarni erishgan yutuqlari bilan tabriklab, kelgusi ishlarida omadlar tilab qolamiz!