TATU birinchilardan bo‘lib o‘qitishning kredit tizimiga o‘tdi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida va uning filiallarida 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘qitishning kredit tizimi joriy etildi.
Bundan ko‘zlangan maqsad: o‘quv jarayoniga dunyo oliy o‘quv yurtlarida keng tarqalgan o‘qitishning kredit tizimini joriy qilish orqali universitetni jahonning nufuzli oliy ta’lim muasssalari qatoriga kirishini ta’minlashdir.
O‘qitishning kredit tizimining asosiy afzalliklari:
  • Akademik mobillik – talabaning ta’lim jarayoni davrida chet el o‘quv yurtlarida yoki o‘zga ta’lim yurtida ta’lim olib so‘ngra o‘qishni davom ettira olishi;
  • Ta’lim sifatini yuqori darajadaligi – o‘quv jarayonida chet el o‘quv yurtlari va tashqi muassasalardan o‘z sohasini mukammal o‘zlashtirgan mutaxassislarni jalb etilishi;
  • Ta’lim jarayonini jadalligini ta’minlash maqsadida chet el oliy ta’lim muassasalari amaliyotidan kelib chiqqan holda, o‘quv dasturlarini ishlab chiqilganligi;
  • Talabalar istagidan kelib chiqqan holda, fan tanlash imkoniyatiga egaligi va hakazolar.
Eslatib o‘tamiz, o‘qitishning kredit tizimida talabaning ma’lum o‘quv kursini o‘zlashtirish darajasi turli mezonlar asosida belgilanadigan ma’lum miqdordagi kreditlar summasini yig‘ishiga bog‘liq bo‘ladi.
Yig‘iladigan umumiy kreditlar talabaning darslardagi faol ishtiroki, muayyan o‘quv kursi davomida olingan test natijalari, ilmiy izlanishlar, og‘zaki va yozma imtihonlar, amaliyot natijalari asosida belgilanadi.
Univesitetda o‘qitishning kredit tizimni tadbiq qilinishi hozirgi o‘zgaruvchan xalqaro mehnat bozorida raqiblasha oladigan oliy toifali mutaxassislarni tayyorlash hamda umumjahon oliygohlar reytingida yuqori 1000 talikka kirishga imkon yaratadi.